Davlatimiz rahbari tomonidan Toshkentdagi ekologik vaziyatni tezkor yaxshilash va havo sifatini nazorat qilishning barqaror tizimini yaratishga qaratilgan o‘ta muhim Farmon imzolandi. Unga muvofiq Maxsus komissiya shakllantirilib, unga atrof-muhit havosiga salbiy ta’sir qiluvchi antropogen va tabiiy omillarni yumshatish bilan bog‘liq vakolatlar berildi. Maxsus komissiya bu borada bir qancha ishlarni amalga oshirmoqda.
Toshkentda kuzatilayotgan havo sifatining yomonlashishi bir vaqtning o‘zida namoyon bo‘lib, bir-birini kuchaytirgan bir nechta tabiiy-iqlimiy va antropogen omillar yig‘indisi bilan bog‘liq. Tabiiy-iqlimiy omillar orasida kuchli inversiya hodisasi havo sifatining buzilishiga eng katta ta’sir ko‘rsatmoqda. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Iqlim o‘zgarishi milliy markazi direktori Farruh Sattarov ana shu hodisa haqida ma’lumot berdi.
Toshkent qayerda joylashgan va u odatda qanday “nafas oladi”?
Toshkent shahri joylashuvi tog‘-vodiy shamol sirkulyatsiyasini shakllantiradi, u tarixi davomida shaharni tabiiy shamollatib turib, iqlimiy barqarorlikni ta’minlab kelgan. Kunduzi issiqroq havo vodiydan tog‘ tomon ko‘tariladi. Kechasi esa sovuqroq va og‘ir havo tog‘lardan pastga — shahar tomon “oqib tushadi”. Mana shu tabiiy “nafas olish” sikli yillar davomida Toshkentni shamollatib, ifloslantiruvchi moddalarning ma’lum qismini tashqariga chiqarishga yordam beradi.
Quruq iqlim va tabiiy changlanish esa Toshkent va umuman O‘zbekiston uchun tabiiy-iqlimiy xususiyat hisoblanadi. Asosiy tabiiy chang manbalari — Qizilqum va Qoraqum, Orolqum cho‘llari, degradatsiyaga uchragan yerlar va transchegaraviy ifloslanish bo‘lib, bu hududlar orqali mayda zarrachalar bizning mintaqamizga va bevosita shaharga ko‘chib keladi. Ya’ni tabiiy changli fon ma’lum darajada me’yoriy holat hisoblanadi. Biroq bugungi kunda ushbu tabiiy fonga antropogen tashlamalar hamda harorat inversiyasi kabi meteorologik sharoitlar qo‘shilmoqda. Aynan shu omillar yig‘indisi havo ifloslanishining keskin kuchayishiga olib kelmoqda.
Harorat inversiyasining ta’siri qanday?
Odatdagi kunlarda havo harorati balandlik bilan pasayadi:
— pastda — issiqroq,
— yuqorida — sovuqroq.
Yer yuzasiga yaqin issiq havo yengilroq bo‘lgani uchun yuqoriga ko‘tariladi, uning o‘rniga esa yuqoridan va yondan sovuqroq havo pastga tushadi. Shu orqali havo vertikal ravishda tabiiy aralashadi va ifloslantiruvchi moddalar atmosferaning nisbatan qalin qatlamida tarqaladi.
Harorat inversiyasi sharoitida esa buning aksi yuz beradi: harorat balandlik bilan pasayish o‘rniga, aksincha, balandlik ortgan sari oshib boradi. Natijada nisbatan iliq havo qatlamlari pastdagi sovuqroq yer usti qatlamining ustida joylashadi. Buning oqibatida tashlamalar yuqoriga ko‘tarila olmaydi, ifloslantiruvchi moddalar yer yuzasiga yaqin qatlamda “qulflanib” qoladi.
Hozir kuzatilayotgan barqaror atmosfera holati kichik barik bosim gradiyenti va nisbatan ko‘tarilgan bosim bilan ifodalanadi. Bunday sharoitda havo gorizontal yo‘nalishda kam harakat qiladi, shamollar zaif bo‘ladi va aynan shunday vaziyatda harorat inversiyasi oson shakllanadi hamda uzoqroq davom etadi.
Toshkent uchun inversiya, odatda, taxminan 270–340 metr balandlikda hosil bo‘ladi — bu shahar ustidan o‘tuvchi atmosferaning chegaraviy qatlamiga to‘g‘ri keladi.
Nega PM2,5 konsentratsiyasi kechqurun va uzoq inversiya davrida yuqori bo‘ladi?
Kechqurun va tun davomida yer yuzasi tez soviydi, yer usti qatlamidagi havo ham sovib og‘irlashadi, undan yuqorida esa nisbatan iliq havo qatlamlari saqlanadi. Aynan mana shu paytda kuchli inversiya kuzatiladi. Shu sababli kechqurun va erta tong soatlarida PM2,5 va boshqa ifloslantiruvchi moddalarning konsentratsiyasi ko‘pincha maksimal darajaga yetadi.
Kunduzi quyosh yer yuzasini isitadi, atmosferaning yer usti qatlamidagi havo qizib, yuqoriga ko‘tarila boshlaydi. Konvektiv jarayonlar va turbulentlik kuchayadi, ifloslantiruvchi moddalarning katta qismi atmosferaning yuqoriroq qatlamlariga tarqaladi, shu sababli yerga yaqin qatlamdagi konsentratsiyalar qisman pasayadi.
Nega yozda vaziyat nisbatan yengilroq, qishda esa og‘irroq bo‘ladi?
Yoz faslida yuqori harorat va yer qatlamining kuchli isishi natijasida, odatda, inversiya yo yuz bermaydi, yoki juda qisqa muddatli va zaif bo‘ladi — ko‘proq tong oldi soatlarida kuzatiladi. Bu holatda havoning tabiiy aralashuv jarayoni sodir bo‘ladigan qatlam qalinlashadi, issiq havo yengillashib, tezroq yuqoriga ko‘tariladi. Natijada ifloslangan zarrachalar katta hajmdagi havo ichida tarqaladi, mahalliy shamollar esa hudud ventilyatsiyasini kuchaytiradi.
Bugungi kunga kelib Toshkent shahri havosi birmuncha yaxshilandi. Bu, albatta, Maxsus komissiya tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasidir.

