Kundalik raqamli ta’lim platformasi O‘zbekiston maktablarida masofaviy ta’limni tashkil qilish uchun barcha zarur funksiyalarga ega. Bu o‘quvchilarga uyda o‘tirgan holda o‘quv jarayonini to‘xtatmaslik, fanlarni mustaqil ravishda o‘rganish va pedagog bilan masofadan turib muloqot qilish imkonini beradi.
O‘zbekiston maktablarida bolalar va pedagoglar uchun ta’til e’lon qilinganiga qaramasdan, ayrim o‘qituvchilar ishlashda davom etmoqda. Kundalik tizimi karantin qancha davom etishidan qat’i nazar ta’limni masofadan turib olib borishga yordam beradi.
«Pedagoglar Kundalik orqali uy vazifalarini va o‘quv materiallarini berishi, o‘quvchilar esa bajarilgan ishlarni tekshirishga yuborishlari mumkin. Yakun bo‘yicha o‘qituvchilar elektron jurnalga baho qo‘yadi yoki javoblar ustida yana ishlash bo‘yicha sharhlarini qoldiradi. Shuningdek, o‘zaro shaxsiy xabarlarni almashish, e’lonlarni chop etish, guruhlarni yaratish funksiyalaridan ham foydalanish mumkin. Pedagoglarning ishini osonlashtirish va ota-onalarga karantinda ta’lim olishning o‘ziga xos xususiyatlarini tezroq o‘zlashtirishga yordam berish uchun biz maxsus videoyo‘riqnomani tayyorlaymiz. Savollar yoki murakkabliklar yuzaga kelganida texnik ko‘mak xizmatiga murojaat qilish mumkin», – deydi Kundalik kompaniyasining texnik ko‘mak xizmati rahbari Hilola Izzatova.
Foydalanuvchilarni karantin boshlangani, masofadan turib ta’lim olish jarayonining davomiyligi haqida xabardor qilish, shuningdek boshqa tashkiliy ma’lumotlarni kiritish uchun “Yozuvlar” bo‘limidan foydalanish kerak. Uning yordamida butun ta’lim tashkiloti uchun ham, muayyan sinf o‘quvchilari uchun ham e’lonlar yaratish mumkin. “Uy vazifalari” funksiyasi yordamida o‘qituvchi guruhli yoki individual topshiriqlarni berishi va ularning bajarilish jarayonini nazorat qilishi mumkin. O‘quvchi va pedagogning barcha harakatlari tizimda saqlanib qoladi. Ota-onalar ham farzandlariga berilgan uy vazifalarini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.
«Biz bunday ommaviy karantinga ilk bor duch kelyapmiz, shu bois bolalarni masofadan turib qanday samarali o‘qitish, ularning ishini baholash mumkinligini ko‘pgina o‘qituvchilar yaxshi tushunolmayapti. Kundalik tizimida hammasi ko‘zda tutilgan bo‘lib, masofaviy ta’lim funksiyalari oddiy va tushunarli. Pedagoglarda nazariy qism bo‘yicha taqdimotlarni hamda bilimlarni tekshirish uchun topshiriqlarni yuklash, ishni yaxshilash bo‘yicha sharhlar qoldirish imkoniyati mavjud. Ushbu imkoniyatlar tufayli maktablardagi o‘quv jarayonini hatto karantin davrida ham davom ettirish mumkin», – deya qayd etadi Kundalik metodisti Gulnora Ismoilova.
O‘quvchi bajarilgan vazifani Kundalik orqali tekshirishga yuborishi uchun o‘qituvchi vazifani yaratayotganda “Fayl natijasi bilan talab etiladi” degan bandni belgilashi zarur.
Karantin davrida ta’lim oluvchilar uchun materiallarni, xodimlar ixtiyoriga ko‘ra, sinf sahifasidagi yoki tashkilot profilidagi “Fayllar” bo‘limiga joylashtirish lozim. Yuklanadigan fayllarning umumiy hajmi 2 Gb dan oshmasligi kerak.